Xadicha Sulaymonovna Sulaymonova O‘zbekiston huquqshunoslik fanining shakllanishi alohida o‘rin egallagan yirik olima, akademik, xalq sudyasi sifatida tarixda muhim iz qoldirgan. U 1913-yil 3-iyunda Andijon shahrida Kelginboyevlar oilasida tavallud topadi. Otasi Sulaymon Kelginboyev o‘z davrining ilmli, ishbilarmon kishilaridan bo‘lib, o‘zi yashab turgan joyga yaqin Karvonsaroyda tarjimon va ish boshqaruvchi bo‘lib ishlagan. Onasi Otincha esa oqila, bilimli va sabrli ayollaridan edi. U turmush o‘rtog‘ining erta vafotidan dastlab pilla zavodida, so‘ng o‘zbek tilidan dars berish maqsadida kursda o‘qiydi. Oilada 4 farzand: Yusufjon, Mo‘tabar, Xadicha va Niyozbek bir maktabda tahsil oladi. Xadicha Sulaymonovaning huquqshunoslik sohasiga kirib kelishiga 1926-yil dekabrdagi “Hujum” kompaniyasining harakatlari ortidan qurbonga aylangan Nurxon fojiasi sabab bo‘ladi. Sulaymonovaning ilmiy faoliyati 1935-yilda Toshkentdagi Sovet qurilishi va huquq institutining yuridik fakultetini tamomlaganidan so‘ng boshlanadi. U dastlab 1935–1938-yillarda xalq sudyasi va O‘zbekiston SSR Oliy sudining a’zosi sifatida faoliyat yuritib, amaliy huquqiy tajriba orttiradi. 1938-yilda Moskva yuridik institutining aspiranturasiga qabul qilinishi uning ilmiy faoliyatida yangi bosqichni boshlab beradi. 1945-yilda “O‘zbekiston SSRning harbiy intervensiya davridagi jinoyat qonunchiligi va fuqarolar urushi” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilib, huquqshunoslik sohasida ilmiy daraja olgan birinchi o‘zbek ayoliga aylanadi. 1945-yildan boshlab u Toshkent yuridik institutida pedagogik faoliyat olib borib, jinoyat huquqi kafedrasida dotsent va keyinchalik mudir lavozimlarida ishlaydi. 1948–1950-yillarda SSSR Fanlar akademiyasi Yuridik institutida doktoranturada tahsil olib, 1950-yilda “O‘zbekistonda sovet jinoyat huquqining paydo bo‘lishi va rivojlanishi” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 1952-yilda unga professor ilmiy unvoni berildi. Sulaymonova nafaqat olima, balki yirik tashkilotchi sifatida ham tanilgan. 1954-yilda Toshkent yuridik instituti rektori etib tayinlanadi. 1956-yilda esa O‘zbekiston SSR Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi — akademik etib saylandi. 1956–1958-yillarda O‘zbekiston SSR adliya vaziri, 1959–1964-yillarda Vazirlar Soveti huzuridagi Yuridik komissiya raisi, shuningdek, O‘zbekiston SSR Oliy Kengashi deputati sifatida faoliyat yuritdi. 1964-yildan umrining oxirigacha O‘zbekiston SSR Oliy sudi raisi lavozimida ishladi. Sulaymonova 80 dan ortiq ilmiy va ilmiy-ommabop asarlar muallifi bo‘lib, ular orasida “O‘zbekiston Sovet davlati va huquqi tarixi” (3 jild), “Huquq masalalari”, “O‘zbekiston xalq xo‘jaligini tartibga solish to‘g‘risida” nomli asarlari alohida ahamiyatga ega. Uning rahbarligida jinoyat huquqi bo‘yicha o‘zbek tilidagi birinchi darslik yaratilib, shuningdek, ilmiy rahbarligi ostida 16 nafar tadqiqotchi fan nomzodi ilmiy darajasini olgan. Davlat arbobi sifatidagi faoliyatida ham Sulaymonova muhim islohotlarning tashabbuskori bo‘lgan. U O‘zbekiston SSR sud tizimini takomillashtirish, jinoyat, jinoyat-protsessual, fuqarolik va fuqarolik protsessual qonunchiligini ishlab chiqish va yangilash jarayonlarida bevosita ishtirok etgan. Uning tashabbusi bilan 1958-yilda sud ekspertizasi ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etildi. Sulaymonova xalqaro miqyosda ham faol bo‘lib, turli kongress va konferensiyalarda qatnashgan. U Amsterdam (1956), London (1960), Sofiya (1960), Qohira (1961), Tokio (1961), Praga (1962) kabi shaharlarda o‘tkazilgan nufuzli anjumanlarda ishtirok etib, huquq va jamiyat rivoji, ayniqsa ayollarning ijtimoiy o‘rni masalalarida o‘z fikrlarini ilgari surgan. Uning davlat va ilm-fan rivojiga qo‘shgan hissasi yuqori baholanib, ikki marta “Fahr nishoni” ordeni, “Buyuk Vatan urushi davridagi mehnatkash jasorati uchun” medali hamda boshqa qator mukofotlar bilan taqdirlangan. 1965-yil 26-noyabrda vafot etgan Sulaymonova Toshkentdagi Chig‘atoy qabristoniga dafn etilgan. Uning nomi bugungi kunda sud ekspertizasi ilmiy-tadqiqot instituti va Toshkent shahridagi ko‘chalardan biriga berilgan.